Sirdaryoda yurak tug‘ma nuqsoni bor bolalarda okklyuder qo‘yish amaliyoti o‘tkaziladi

    Salomatlik 28 Noyabr 2022 2533

    Sirdaryo viloyatida yurak, yurak koronar qon—tomirlarida muammosi bor, nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar hamda katta yoshli fuqarolar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

    Salomatlik aksiyasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyat mintaqaviy filialida poytaxtlik va sirdaryolik malakali kardiolog, kardio jarroh, endovaskulyar xirurglar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda «Temir daftar», «Ayollar daftari»turgan fuqarolar farzandlari hamda katta yoshli fuqarolar salomatligi ham o‘rganildi.

    Tibbiy ko‘rik jarayonlariga viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 20 nafardan oshiq fuqaro farzandlaring yurak tug‘ma nuqsoni bilan, 65 nafardan oshiq katta yoshli fuqarolar o‘z yuraklarida muammolar yuzasidan murojaat qildi.

    Ularning salomatligi o‘rganib chiqilib 10 nafar bemor bolaning tug‘ma yurak nuqsonini, yuqori texnologik okklyuder bilan yopish amaliyotlari o‘tkazish zarurligini aniqladi.

    Endi ushbu bolalarda, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini talab etuvchi okklyuder kuyish amaliyoti, katta yoshli kishilarning 33 nafarida stend qo‘yish amaliyoti poytaxtlik va sirdaryolik endovaskulyar xirurglar tomonidan Sirdaryoda bepul, imtiyoz asosida o‘tkazib beriladi.

    Xarajatlar esa «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi pul mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

    — Joriy yilning o‘tgan davrida 4 nafar bolada shu turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdik, — deydi endovaskulyar xirurg Xurshid Hakimov. — Bunda bizga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika milliy bolalar markazining endovaskulyar xirurglari yordam berdi.

    Eng quvonarli tomoni, Sirdaryoda kardiologiya sohasida endovaskulyar xirurgiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan buyon 500 nafardan ortiq katta yoshli, 4 nafar kichik yoshli fuqarolarda yurak, yurak koronar qon-tomiri bilan bog‘liq endovaskulyar jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

    Avvallari bu turdagi jarrohlik amaliyoti uchun sirdaryolik bemorlar nafaqat Toshkentga, Hindiston va Rossiya davlatlariga borib kelar edi.

    Endi barcha amaliyot, tekshirishdan tortib yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq barcha ishlar shu yerda, Sirdaryoda o‘tkaziladi.

    G‘ulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    Sog‘liqni saqlash boshqarmasi

    matbuot kotibi.