Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur voqea oqibatida jabrlanganlar holati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Malik SIU da yuz bergan portlash haqida soat 05:01 da tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng ushbu hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan. 

Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatildi.  Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida stasionar kuzatuvga olindi.

Jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q.

Ayni paytda RSHTYOIM va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlar holatini o‘z nazoratiga olgan.