Sirdaryoga Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi tashrif buyurdi

    Mamlakatimizda 23 Aprel 2021 1062

    Bugun Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Shamanov boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

    Rossiyalik mehmonlar viloyat sektor rahbarlari, yoshlar, harbiylar, madaniyat va san’at sohasi xodimlari, keng jamoatchilik vakillari hamrohligida kutib olindi.

    Uchrashuv avvalida mehmonlarga viloyatda olib borilayotgan tub islohotlar xususida ma’lumot berildi. Xorijiy mamlakatlar, jumladan, Rossiya Federatsiyasi bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

    Ta’kidlash joizki, ayni paytda viloyatda Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan 27 ta korxona faoliyat yuritib kelyapti. 2020-yil davomida Sirdaryo viloyatining Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi savdo aylanmasi 159,7 million dollarga yetdi, shundan 34,9 million dollar eksport va import 124,8 million dollarni tashkil etdi.

    O‘tgan yillar davomida viloyat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga bir necha bor tashrif buyurgan. Xususan, 2018-yil 8-13 oktyabrda viloyat vakillari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, umumiy qiymati 474 million dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi. Shuningdek, 2019-yil 10-16 noyabrda sirdaryoliklardan iborat delegatsiya Moskva, Ivanovo, Tomsk viloyatlari va Oltoy o‘lkasiga tashrif buyurib, umumiy qiymati 14,9 million dollar bo‘lgan investitsiya va savdo shartnomalarini imzolab qaytdi.

    Delegatsiya a’zolari prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, aloqalarni mustahkamlash, barcha sohada jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekiston - Rossiya hamkorligini yanada kengaytirish xususida fikr bildirgan mehmonlar, o‘z navbatida, delegatsiyaning viloyatga tashrifi yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

    Tantanada yillar davomida unutilmay kelinayotgan harbiy va do‘stlik mavzusidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.