Sirdaryolik bir guruh yoshlar uchun betakror ekskursiya

    Harbiy 2 Fevral 2021 642

    Bugun mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama yetuk va komil inson qilib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Shuningdek, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan yetukligi, kasb-hunar egallashi, huquqlari taʼminlanishiga ham eʼtibor kuchaytirilgan. Bu borada joylarda bevosita yoshlar bilan oʻtkizilayotgan turli tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Samarqand shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markaziga Sirdaryo viloyatining Sayhunobod tumanidagi 11-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabidan bir guruh oʻquvchi yoshlarning sayohati ham shu maqsadda tashkillashtirildi.

    Dastlab oʻquvchilarga Qurolli Kuchlarimizda mavjud boʻlgan zamonaviy qurol-aslahalar koʻrgazmasi namoyish etildi va ular kursantlarning mashgʻulot oʻtkazishi uchun moʻljallangan zamonaviy oʻquv xonalari bilan tanishdi.

    Kichik serjant A.Boqiyev oʻquvchi yoshlarga zamonaviy oʻqotar qurollar haqida batafsil maʼlumot berdi. Keyingi mashgʻulot xonasi oʻquvchilar uchun juda qiziqarli boʻldi, chunki bu xonada oʻquvchilar oʻqotar qurollar haqida olgan dastlabki nazariy bilimlarini kompyuterlashtirilgan panoramali oʻq otish majmuasida amaliy sinovdan oʻtkazishdi.

    Bundan tashqari oʻquvchilar kursantlar oshxonasi va yotoqxonadagi shart-sharoitlar bilan ham tanishdi hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

    Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Xayrullo OʻLMASOV