Sirdaryolik hokimlar “Bagʻdod tajribasi”ni oʻrganishdi

    Urbanizatsiya 26 Mart 2021 863

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Bagʻdod tumanida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari namuna sifatida koʻrsatilgan va barcha shahar-tuman hokimlariga “Bagʻdod tajribasi”ni oʻrganish tavsiya qilingan edi.

    Shunga koʻra, bugun Sirdaryo viloyati shahar-tumanlari hokimlaridan iborat delegatsiya Bagʻdod tumaniga keldi.

    Dastlab mehmonlar “Muruvvat” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 1000 ta xonadondan iborat 50 ta koʻp qavatli uylar qurilishi bilan tanishishdi. Ularga bu yerda qad rostlayotgan ijtimoiy soha obyektlari, kommunikatsiya tarmoqlari, aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    “Yangi koʻp qavatli uylarga koʻchib kelgan aholining doimiy daromadini taʼminlash maqsadida shaharchaning yondosh hududida jami 100 gektar maydonda 1000 ta issiqxonalar barpo etilmoqda. Har biri 10 sotixdan iborat boʻlgan issiqxonalar aholiga 7 yilga, 3 yillik imtiyozli davr bilan kredit asosida beriladi.

    Eʼtiborli jihati shundaki, limonchilikka ixtisoslashgan kooperatsiya tomonidan issiqxonalarda tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilib, limon koʻchatlari markazlashgan holatda ekib berilmoqda”, - deyishdi tuman rahbarlari.

    Sirdaryoliklar shaharchadan atigi 400 metr masofadagi “Muruvvat” yoshlar kichik sanoat zonasini ham koʻrdilar. 14,3 gektar maydonda 57 ta lot boʻlib, shu kunga qadar umumiy qiymati 40,7 mlrd. soʻmlik 23 ta loyiha joylashtirildi va ularda qurilish ishlari olib borilmoqda. 850 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish reja qilingan.

    Sirdaryolik hokimlar Bagʻdod tumanida yirik loyiha – “Gʻofurjon dehqon” MCHJga qarashli zamonaviy chorva kompleksi faoliyati bilan ham tanishishdi. Tashkil etilganiga 1,5 yil boʻlgan mazkur xoʻjalikda hozirda Avstriya davlatidan keltirilgan 712 bosh naslli qoramollar parvarish qilinmoqda.

    Loyihaning ikkinchi bosqichida – joriy yil oxiriga kelib, qoramollar sonini 1 ming 500 taga yetkazish, goʻsht va sutni qayta ishlash liniyalarini ishga tushirish belgilangan.

    Tadbirkorlar bilan oʻtgan samimiy muloqotlar, tumandagi oʻzgarishlar va yangilanishlar sirdaryoliklar tomonidan yuqori baholandi va kunning ikkinchi qismida ularning tashrifi yakuniga yetdi.