Sirdaryolik kardiojarrohlar 100 dan oshiq bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi

    Salomatlik 7 May 2021 1654

    Sirdaryo viloyatida yagona boʻlgan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat mintaqaviy filiali kardiojarrohlari oʻzlari mustaqil ravishda 100 nafardan oshiq bemorda jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga muvofiq boʻlishdi.

    Albatta bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari shu soha mutaxassisdan yuqori bilimni va chuqurroq yondashuvni hamda mahoratni talab etadi. Shu boisdan Sirdaryolik mutaxassislar kardiologiya va kardiojarrohlik yoʻnalishi boʻyicha, Respublikamizda katta tajriba, katta salohiyatga ega boʻlgan markazlarning mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganligi bunday murakkab amaliyotlarni oʻtkazishda juda qoʻl kelmoqda.

    Yaqinda ular yana bitta yangilikka qoʻl urishdi. Tez charchash, yurganda chap oyoq boldir sohasidagi ogʻriq, oyoq panjasidagi uvushish, jinsiy ojizlik (impotensiya), umumiy holsizlik, bir soʻz bilan aytganda yurak qon –tomir kasalliklari bilan bogʻliq kasallikka uchragan bemorning oyoq yonbosh arteriyasida yuqori texnologik stendlash amaliyotini mustaqil oʻtkazishdi.

    — Bemor filialimizga kelganida, ahvoli uncha yaxshi emas edi. Mutaxassislarimiz tomonidan dastlab UT tekshiruvi oʻtkazilib, uning oʻng son soha arteriyasida 50 foizli stenoz, chap yonbosh son sohasi arteriyasida 64 foizli stenoz holati aniqlandi. Yurakni chapga siljish holati kuzatildi. Yurak ritm sinus maromi 64 tani tashkil etib, miokardda distrofik oʻzgarish kabi holatlar kuzatildi. Angiografiya tekshirishlar jarayonida chap oyoq yonbosh arteriyasini toʻliq bekilishi yaʼni okklyuziya holati aniqlandi. Mutaxassislarimiz zudlik bilan uni yangitdan ish boshlagan yangi boʻlimimiz endovaskulyar xirurgiya boʻlimiga oʻtkazishib, chap oyoq yonbosh arteriyasini rekanlash va stentlash amaliyotini oʻtkazishdi.

    Hozir bemorning ahvoli ancha yaxshi, yurak urishlari maromida, oʻzini yengil va xotirjam his qilyapti, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali direktori Shuhrat Husanov.

    Bundan tashqari ular, uzoq yillardan buyon yurak qon-tomir kasalliklari bilan kasallanib, davo topolmayotgan bemorda ham qator tekshiruvlarni oʻtkazishdi. Va natijada yurak ichida elektrofiziologik tekshiruv oʻtkazilib, yurakni toʻsatdan urib ketishiga sabab boʻluvchi omillarni topdi. Unda AV tugunli retsirok taxikardiya va boshqa kasalliklar borligi aniqlandi va tezda mutaxassislar tomonidan aniq tashxis qoʻyilib, yuqori texnologik Radio chastotali ablyatsiya amaliyoti oʻtkazildi.

    Natijada bemor sogʻligi yaxshilandi, koʻp yillardan buyon sogʻligiga xavf solib kelgan xavfli kasallikdan forigʻ boʻldi.

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    Axborot xizmati