Sirdaryolik Odinaga Prezident sovgʻasi topshirildi

    Voqea-hodisalar 30 Iyun 2022 1403

    Sirdaryo viloyati Xovos tumani “Xovosobod” mahallasida istiqomat qilayotgan Odinaxon Abdulhamidova endigina 12 yoshni qarshi oldi.

    U Respublika bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida 3 yoshidan buyon davolanib keladi.

    Yaqinda u Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu markazga tashrifi arafasida Prezidentga xat yoʻlladi.

    Oʻz xatida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida oʻzi kabi davolanayotgan bolalar va oʻzi nomidan, bu turdagi kasallikdan aziyat chekayotgan bolalarni sogʻligʻini tiklash, ularga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida yaratilgan shar-sharoit uchun Prezidentga tashakkurini bildirib, bolalarcha begʻubor istaklarini bildirgandi.

    Unda yozilishicha, “kelajakda oshpaz boʻlishini, musiqa va rasmga qiziqishini, rus tilini mukammal oʻrganishi va shifokor boʻlishi uchun kompyuter sovgʻa qilishlarini soʻragan.

    Uning bu istagi ijobat boʻldi. Unga Prezidentimiz tomonidan noutbuk sovgʻa qilindi.

    Shu bilan birga sirdaryoliklar nomidan viloyat hokimi ham oʻquv qurollari va darsliklar, qoʻshimcha sovgʻalar tuhfa etdi.

    — Qizim, 3 yoshida oʻtkir limfoblast leykoz kasalligi bilan kasallanib qoldi, — deydi Odinaning onasi Dildora Abdusamatova. — Sirdaryolik shifokorlarga murojaat etdik. Ular bizni shu markazga yoʻnaltirdi. Mana 9 yildirki, qizim ushbu markazda davolanib keladi. Bundan bir necha yil muqaddam, hozirgidek sharoit qayerda edi deysiz. Endi esa ushbu markaz qiyofasi, shart-sharoiti butunlay oʻzgardi. Zamonaviy tibbiy jihoz, ilgʻor texnologiya. Bundan nafaqat oʻsha joyda davolanayotgan bolalar, ularning men singari ota onalari ham xursand. Eng muhimi, Prezidentimizni ushbu markazga tashrifi chogʻida har bir bola va ularning onalari bilan oʻtkazgan muloqoti, otalarcha bergan maslahati va koʻrsatmasi, qolaversa, eng yaxshi mutaxassislarni xorijdan olib kelib, koʻrsatish va davolatish haqidagi iliq soʻzlari menga va qizimga yanada kuch bagʻishladi. Qizim hozir uyda, oʻqituvchilardan saboq olayotgan boʻlsa, markazda tashkil etilgan “Mehrli bolalar” maxsus maktabida, oʻzi qiziqqan fanlardan saboq olyapti. Oʻzlashtirishlari yomon emas. Muhimi, u tuzalib, oʻzi istagandek yaxshi oshpaz va shifokor boʻlishini xohlayman.

    Buning uchun avvalo Prezidentimizga oʻz tashakkurimizni bildiraman. Chunki qizim sogʻligʻini tiklash, davolanish, oʻz qiziqqan mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.

    Xovosobodlik Odinani ikki opasi va ukasi bor. U ham ular qatori oʻynagisi, yelib yugurgisi, maktabga borib, tengqurlari qatori taʼlim olgisi keladi.

    Ammo, kasalligi bois uyda, markazda oʻzi kabi bolalar bilan birgalikda saboq oladi.

    Bugun uning quvonchining chegarasi yoʻq. Niyatlari ijobat boʻldi. Unga Prezidentning sovgʻasi topshirildi.

    — Avvaliga ishonmagandim. Xatimga javob yoʻllab, noutbuk sovgʻa qilganingiz uchun katta rahmat. Nasib etsa, sogʻayib oyoqqa tursam, albatta bu yaxshiliklaringizni ilmim bilan Vatanimga sadoqatim bilan qaytaraman Prezident bobo, — dedi Odinaxon Abdulhamidova.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    matbuot kotibi.