Sirdaryolik yoshlar oʻrtasida “Hack4Region” xakatoni oʻtkazildi

    Raqamlashtirish 25 Iyun 2021 751

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi, IT-Park, Sirdaryo viloyati hokimligi va viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari hamkorligida viloyatda ilk bor talabalar va iqtidorli yoshlar oʻrtasida “Hack4Region” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

    Koʻrik-tanlov viloyat yoshlari, shu jumladan oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida jamoat xavfsizligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, transport, kommunal va xizmat koʻrsatish sohalarini oʻz ichiga olgan “Smart sity” loyihasi boʻyicha tashkil etildi.

    2 kun davom etgan tadbirda ishtirokchilar loyiha doirasida muayyan muammolarni hal qilish va sohalarni raqamlashtirishga oid loyihalarni taqdimot qildilar.

    Shuningdek, tadbir doirasida yoshlarning dam olish vaqtlarini maroqli oʻtkazish maqsadida sumo-robotlar jangi musobaqasi ham tashkil etildi.

    Koʻrik-tanlov yakunida eng yaxshi loyihalarni taqdim etgan 3 ta jamoa gʻolib deb topilib, ularga viloyat hokimining qimmatbaho sovgʻalari va sertifikatlar topshirildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.