Sportning akademik eshkak eshish turi boʻyicha Italiyaning Vareza shahrida oʻtkazilgan Xalqaro Regata musobaqasida Sirdaryo viloyati sportchilari Qoʻchqorov Otabek hamda Boʻriboyeva Feruzalar (sportchilar Sayxunobod tumanidan) ikki kishilik eshkak eshish (miks) yoʻnalishida 8.45.39 vaqt koʻrsatkichi bilan kumush medal sohiblari boʻlishdi.
Mazkur nufuzli sport musobaqasida 30 dan ortiq davlatdan kelgan sportchilar Tokio Olimpiadasi yoʻllanmasi uchun ham bellashishdi. Ushbu musobaqa reyting natijalari shu oy yakunida eʼlon qilinadi.
Akademik eshkak eshish boʻyicha Sirdaryo viloyati terma jamoasi murabbiylari F.Xamraqulov, B.Atamurodovlarning fikricha, sportchilarimiz Qoʻchqorov Otabek hamda Boʻriboyeva Feruzalarning Tokio Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish ehtimoli yuqori, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Mazkur musobaqa boʻyicha yakuniy xulosa joriy yil 26-iyuniga qadar Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasiga taqdim etiladi.