“Sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona xizmatlari sifati baholanadi

    Endi nodavlat notijorat tashkilotlari chakana savdoda nazorat xaridi va “sirli mijoz” tadbirlarini oʻtkazishi mumkin boʻldi.

    Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Hukumat qarori (667-son, 22.10.2025-y.) bilan “Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini nazorat qilishda «sirli mijoz” tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi.

    Mazkur qarorga koʻra, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat koʻrsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini NNTlar tomonidan xolis baholash tizimi joriy etiladi.

    Shuningdek, endilikda Qoʻmita va uning hududiy organlari tomonidan hamda tajriba davrida nodavlat tashkilotlar ishtirokida nazorat xaridi tadbirlari quyidagi qoidalar asosida amalga oshiriladi:

    • Nazorat xaridi va “sirli mijoz” tadbirlari qonuniylik, xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan oʻtkaziladi;
    • Bu tadbirlar boʻyicha reja Qoʻmita tomonidan ishlab chiqilib, rasmiy tarzda tasdiqlanadi;
    • Har bir tadbir boʻyicha masʼullar, joy, muddat, tekshiriladigan majburiy talablar va foto-video qayd etish tartibi buyruq bilan belgilanadi;
    • Nazorat xaridi jarayonida olingan namuna va maʼlumotlar tegishli laboratoriyalarda sinovdan oʻtkaziladi;
    • Agar tovar yoki xizmat qonun talablariga mos kelmasa, tegishli vakolatli organlarga yuboriladi va jamoatchilikka axborot beriladi;
    • Birinchi marta qonunbuzarlik aniqlansa, tushuntirish va yordam choralari koʻriladi, takroriy hollarda esa tekshiruv belgilanadi;
    • Nodavlat tashkilotlar oʻz mablagʻlari hisobidan tadbirlarni amalga oshiradi, Qoʻmita esa ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi va metodik yordam koʻrsatadi.

    Bundan tashqari, qaror orqali sogʻliqni saqlash sohasida “sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona xizmatlari sifatini baholash hamda chakana savdoda nazorat xaridi jarayonlarini qonun doirasida yoʻlga qoʻyish uchun aniq huquqiy asos yaratildi.

    Qarorga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida masʼul organlar belgilandi:

    • raqobatni rivojlantirish sohasida – Raqobat qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi;
    • isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida – Raqobat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.

    Ushbu masʼul organlar har yili kamida bir marotaba nodavlat notijorat tashkilotlariga oʻzlariga biriktirilgan sohalarda tahlillar oʻtkazish, muammolarni oʻrganish va oʻz vakolatlari doirasida boshqa tadbirlarni tashkil etish yuzasidan byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmalari beradi.

    Joriy etilgan tartiblar xizmat koʻrsatish va savdo sohalarida adolatli raqobat muhitini shakllantirishga bilan birga NNTlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, isteʼmolchilar huquqlari hamda xizmat koʻrsatish sifati monitoringi uchun samarali instrumentlarni taqdim etishga xizmat qiladi.