Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda.
Davlat rahbarining qarorida shoir yubileyini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator vazifalarni bajarish koʻrsatilgan edi. Xususan, Toshkent viloyati Qibray tumani “Yangi Argʻin” mahallasidagi shoir yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi oʻrnatish ham shular jumlasidandir.
Shu kunlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Abdulla Oripov yashab, ijod qilgan xonadonga yodgorlik lavhi oʻrnatildi. 2021-yilning 26-mart kuni “Doʻrmon” ijod uyi hududida joylashgan ushbu xonadonda oʻrnatilgan barelyefning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid kirish soʻzi bilan ochib, ustoz shoirimizning “Siylangan joyida azizdir inson”, degan misrasini yodga oldi. Shoirning betakror ijodiy merosi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, olijanob insoniy fazilatlarni tarannum etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos oʻrni va ahamiyati haqida gapirdi.
Shuningdek, ushbu xotirlash va qadrlash marosimida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli adib Abdusaid Koʻchimov hamda Abdulla Oripovning turmush oʻrtogʻi Hanifa Mustafoyenvalar ham soʻzga chiqishib, buyuk shoirimizning oʻziga xos ijodiy mezonlari haqida soʻz yuritishdi.
Yodgorlik lavhi muallifi – Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, haykaltarosh rassom Azamat Hotamovning ijodiy izlanishlariga ham qatnashchilar oʻz munosabatlarini bildirishdi.
Qarorda koʻrsatilganidek, ayni kunlarda Oʻzbekiston Xalqaro anjumanlar saroyida Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Abdulla Oripov ijodiy merosining oʻzbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya oʻtkaziladi hamda anjuman materiallarini alohida toʻplam holida chop etiladi.
Hozirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida”, “Eʼtirof” nomli kitoblar hamda shoirning oʻzbek tilidagi ikki jildlik “Tanlangan asarlari”, qoraqalpoq, rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan sheʼriy toʻplamlari nashrga tayyorlanayapti. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorlikda Abdulla Oripov hayoti va ijodi haqidagi hujjatli film suratga olinmoqda. Mamlakatimiz teatrlarida adib asarlari asosida spektakllar sahnalashtirilmoqda.
Taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida shoir ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik va sheʼriyat kechalari oʻtkazilmoqda.
Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati rahbari