Siyosiy partiyalar Prezidentlikka nomzodlarni ro'yxatga olish bo'yicha hujjatlarni taqdim etdi

    Siyosiy partiyalar Prezidentlikka nomzodni ro'yxatga olish haqida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etishining oxirgi muddati 2 iyun` hisoblanadi.

    O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatga olinishi lozim. Buning uchun siyosiy partiyaning rahbari O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro'yxatga olishni so'rab Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi kerak.

    Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan muddatidan ilgari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha kalendar` rejada belgilangan talablar va muddatlarga amal qilgan holda, joriy yil 31 may kuni O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga ushbu partiyalar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodlarni ro'yxatga olishni so'rab murojaat etdi va qonunchilikda belgilangan hujjatlarni topshirdi.

    Qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 24 may kuni “Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to'g'risida” qaror qabul qilingan edi. Ushbu ekspert guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni qo'llab-quvvatlovchi imzo varaqalarining to'g'ri to'ldirilganini tekshirish jarayonini boshladi.

    Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi ekspertlar bilan hamkorlikda qonunchilik talablaridan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni tekshirib chiqadi. Taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan, nomzodlarni qo'llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonunchilik talablariga muvofiq bo'lsa, Markaziy saylov komissiyasi Prezidentlikka ko'rsatilgan nomzodlarni ro'yxatga olish haqida qaror qabul qiladi.

    Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan kalendar` rejaga muvofiq, siyosiy partiyalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro'yxatga olish haqida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etishining oxirgi muddati 2 iyun` hisoblanadi.

    Bahor Xidirova,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri