Siyosiy partiyalar rahbarlari bilan fikr almashildi

    Hukumat 2 Fevral 2021 7097

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

    Ochiq muloqot chogʻida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi oʻrni va rolini oshirish masalalari, bugungi kunda ular oldida turgan asosiy vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi.

    Davlat va jamiyat hayotiga doir keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning oʻrni kattaligi taʼkidlandi.

    Mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni qamrab olgan koʻplab dasturlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu boradagi ishlarning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

    Uchrashuvda ijtimoiy sohalar, ayniqsa, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Siyosiy partiyalar oʻz deputatlari orqali joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni oʻrganishi, ularning yechimi boʻyicha takliflar berishi, ayniqsa, taʼsirchan Parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligi qayd etildi.

    Partiyalar oʻz elektorati, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylar bilan ishlash, ularning hayotiy muhim manfaatlarini taʼminlashga koʻmaklashishi zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.

    Har bir partiya oʻz dasturiy maqsadlarini Parlamentga faol olib chiqishi, oʻz fraksiyalari orqali qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi va qonunlar ijrosini taʼminlashni nazoratiga olishi zarurligi haqida fikr almashildi.

    Muloqot jarayonida siyosiy partiyalar faoliyati bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, chuqur tahlil qilinib, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish boʻyicha fikr-mulohazalar, amaliy takliflar bildirildi.

    Uchrashuvda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Ekologik partiya, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbarlari ishtirok etdi.