Bu yilgi saylov jarayoni jamiyatimiz hayotidan koʻppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam va keng oʻrin olayotgan sharoitda oʻtmoqda.
Saylov qonunchiligida belgilangan normalarning oʻz muddatida va samarali ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar rejasi tasdiqlandi. Unda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan.
Shu kunlarda siyosiy partiyalarning oʻz vakolatli vakillarini tayinlaganiga oid maʼlumotlar Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushmoqda. Zero, siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun qonunda belgilangan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi Saylov kodeksida belgilab qoʻyilgan. Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya oʻrtasida muloqotni yuritish va talab etilgan hujjatlarni taqdim etishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Vakolatli vakil, avvalo, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal etib boradi.
Saylov kodeksida belgilanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya vakolatli vakili orqali saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etadi:
– Saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza.
– Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi. Shu bilan birga, taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga roʻyxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalar kelib tushish tartibiga qarab markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga muvofiq siyosiy partiya saylov komissiyasi majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
Shundan kelib chiqqan holda siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlangani rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakillikka nomzodning tegishli hujjatlarini koʻrib chiqib, uch kunlik muddatda uni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.
Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bogʻliq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan eʼtiboran oʻz vakolatli vakillarini tayinlaydi.
Siyosiy partiya hududiy organining rahbari saylovga kamida oʻn kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxatini (ism-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami koʻrsatilgan holda) taqdim etadi. Ariza Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.
Shu bilan birga, ayrim hollarda vakolatli vakilga mandat berish rad etilishi mumkin. Jumladan, vakolatli vakillikka nomzod 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa, saylovga oʻn besh kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa, tegishli saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyadan nomzod roʻyxatga olinmagan boʻlsa, tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa mandat berish rad etilishi mumkin.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan, toʻplangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shuningdek, uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan, saylov qutilarini muhrlashga, ochishga aralashishi mumkin emas.
Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonuniyligini taʼminlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bahodirjon YUNUSOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
doimiy asosda ishlovchi aʼzosi.