Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning yangi kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Uning “Tasadduq, yo Rasululloh!” nomli yangi kitobi chop etildi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabiʼul avval oyi munosabati bilan Nabiy alayhissalom siyratlariga bagʻishlangan maʼrifiy tadbir va Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning “Tasadduq, yo Rasululloh!” nomli yangi kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Unda Nabiy alayhicsalomning tugʻilganlaridan to Rafiqul aʼloga koʻtarilgan kunlariga qadar Islom tarixida chuqur iz qoldirgan voqealar keltirilgan.

    Albatta, u zotning hayotlari va insoniyatga bergan manfaatlari jild-jild kitoblarga sigʻmasligi tayin. Shunday boʻlsa-da, mazkur nashrda Mustafo sollallohu alayhi va sallam hayotidagi eng muhim lavhalar qamrab olingan.

    Uni oʻquvchi ravon tiliga va voqealar ketma-ketligiga berilib, bir nafasda mutolaa qilib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan birga yurgandek boʻladi.

    Ayniqsa, kitob boshida u zotning dunyoga kelishlari va bolalik chogʻlaridagi voqealar qalbingizni yorishtirib, Rasululloh alayhissalom bilan bogʻliq ilohiy moʻjizalar bilan tanishtiradi.

    Taqdimot marosimida fayzli ulamolar, ziynat qorilar va xushovoz nashidxonlarning goʻzal chiqishlari ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etildi.

    Nodir Mahmudov