“Narsangizni unutib qoldiribsiz”

    Yashil sayyora 21 Sentabr 2020 359

    Tailanddagi mashhur Kxauyay milliy istirohat bogʻi sayyohlarning uylariga ular oʻzlaridan keyin qoldirgan chiqindilarini pochta orqali yuboradi.

    Bu haqda mamlakat atrof-muhit vaziri Varavut Silpa-Archa eʼlon qildi. Endi istirohat bogʻiga kiruvchilar oʻzlarining yashash manzilini koʻrsatishlari kerak boʻladi. Undan tashqari, huquqbuzarlar haqida politsiyani ham ogohlantirib qoʻyadi.

    Vazir Silpa-Archa oʻzining Facebook dagi akkauntiga joʻnatishga tayyorlangan chiqindilarning suratini joylashtirgan. Plastik idishlar, bonkalar va chipsdan boʻshagan oʻram qogʻozlari bilan birga “Siz bu narsalarni Kxauyay istirohat bogʻida unutibsiz” degan yozuv bitilgan qogʻozni ham joylashtiradi. Vazir shuningdek, istirohat bogʻini ifloslantirganlar uchun besh yilgacha qamoq jazosi yoki yirik miqdordagi jarima ham qoʻllanilishi mumkinligini eslatgan.

    Milliy istirohat bogʻi maʼmuriyatining izohiga qaraganda, qoldirilgan chiqindilar hayvonlar uchun juda xavfli, chunki ular chiqindilarni yeb, nobud ham boʻlishi mumkin.