“SkyUp Airlines” aviakompaniyasi Toshkent va Kiyev oʻrtasida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻymoqchi

    Turizm 7 Oktabr 2020 542

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Ukraina Madaniyat vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish davlat agentligi oʻrtasida videokonferensiya oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi hamkorligida oʻtgan ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va Ukrainaning “SkyUp Airlines” aviakompaniyasi vakillari ham ishtirok etdi.

    Onlayn muloqot doirasida tomonlar COVID-19 pandemiyasining turizm sohasiga taʼsirini yumshatish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdi va xalqaro sayyohlik qatnovlarini tiklash boʻyicha ustuvor chora-tadbirlarni muhokama qilishdi. Jumladan, Qoʻmita tomonidan sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi — “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED”, yangi sayyohlik obyektlari hamda Ukraina bozori uchun istiqbolli yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, “SkyUp Airlines” vakillari ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasidagi qatnovlar sonini bosqichma-bosqich kengaytirish bilan Toshkent va Kiyev oʻrtasida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻyish rejalari haqida soʻz yuritishdi. Onlayn muloqot yakuniga koʻra, tomonlar Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasida sayyohlik oqimini tiklash hamda turistik mahsulotlarni targʻib qilishga qaratilgan qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.