Slovakiya bilan parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 17 Aprel 2023 1053

    Joriy yil 17-aprelda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Slovakiya Respublikasi Milliy kengashi raisi Boris Kollar boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Slovakiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xususan ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Muloqot chogʻida taʼkidlanganidek, ayni paytda ikkala davlatda ham oʻzaro hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini, jumladan, savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun salohiyat yetarli.

    Senat Raisi T.Narbayeva parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanishi Oʻzbekiston-Slovakiya munosabatlarini kengaytirishga, umuman olganda, oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini, parlament aʼzolarining oʻzaro tashriflarini amalga oshirish, qonunchilik, parlament nazorati va boshqa yoʻnalishlarda tajriba almashish zarurligini taʼkidladi. Bunda Slovakiya parlamenti bilan aloqalarni barcha darajalarda tizimli va samarali yoʻlga qoʻyish muhimligiga eʼtibor qaratib, oʻzaro muloqotning yana bir muhim mexanizmi - parlamentlararo doʻstlik guruhlari instituti imkoniyatlaridan foydalangan xolda oʻzaro hamkorlikni jonlantirish lozimligini qayd etdi.

    Oʻz navbatida, B.Kollar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston qisqa vaqt ichida progressiv demokratik islohotlar oʻtkazishga erishganini va bu bilan dunyoga ochilgani hamda jahon hamjamiyatida oʻz munosib va mustahkam oʻrniga ega boʻlayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, bugungi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Oʻzbekiston parlamenti vakolatlarining yanada kuchaytirilayotganini olqishladi. Slovakiya Oʻzbekiston bilan savdo, iqtisodiy yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini, bunda parlamentlararo muloqot salohiyatidan keng foydalanish zarurligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, suhbat davomida parlamentlarning tegishli qoʻmitalari oʻrtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oʻzaro doimiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish yuzasidan ham fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, tegishli qoʻmitalar va doʻstlik guruhlari rahbarlari darajasida parlamentlararo aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.