Toshkent shahri xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Muloqotlarda savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.
Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Slovakiya Bosh vaziri IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.









