SMTIda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka bagʻishlangan ilmiy-tadqiqot hisobotining taqdimoti boʻlib oʻtdi

    14-noyabr kuni SMTIda “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot hisobotining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida tashkil etilgan mazkur tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi diplomatik missiyalari rahbarlari va xodimlari, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, BMT va YXHTning Oʻzbekistondagi loyiha koordinatorlari ofislari, shuningdek, milliy tahliliy va akademik muassasalarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

    Taʼkidlash joizki, hisobot Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlar hamjamiyatining birinchi qoʻshma mahsuloti boʻldi. U munozarali ilmiy tadqiqot shaklida tayyorlangan boʻlib, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan.

    Unda oʻtgan yetti yil davomida turli ekspertlik maydonlarida boʻlib oʻtgan muhokamalar natijalari oʻz ifodasini topgan. Maʼruza loyihasi joriy yilning 14-15-avgust kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan 8-Markaziy Osiyo ekspertlar forumida ham muhokamaga qoʻyildi.

    Hujjat mintaqaviy hamkorlikning avvalgi tajribasini umumlashtirishga qaratilgan retrospektiv tahlilni, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga oladi.

    Taqdim etilgan maʼruza tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Oʻzbekiston tomonining tashabbusi muhimligi va oʻz vaqtida ilgari surilgani alohida taʼkidlandi.

    Xususan, Tojikistonning Oʻzbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda taʼkidlaganidek, hisobot chuqur tizimlashtirilgan tadqiqot boʻlib, Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlik rivojlanishining tarixiy bosqichlarini tushunish uchun zarur boʻlgan keng faktologik materialni oʻz ichiga oladi.

    Diplomat ushbu hujjat mintaqaviy intellektual muhitni yanada rivojlantirish uchun muhim asos boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi. “Bunday salmoqli asar mintaqa davlatlarining barcha tillariga tarjima qilinishi va keng kitobxonlar ommasiga yetib boradigan kitobga aylanishi kerak,” — deya xulosa qildi A.Rahmonzoda.

    Oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Toyvo Klaar ham tayyorlangan hisobotning dolzarbligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, mintaqaviy integratsiya hech qachon oson kechmagan, u sabr va vaqt talab qiladi. Yevropa Ittifoqi uchun bu 75-yil davom etdi, Markaziy Osiyo esa qisqa vaqt ichida hayratlanarli natijalarga erishdi. Shu nuqtayi nazardan, diplomat Bryussel Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

    Umuman olganda, ishtirokchilar hisobot Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz qarashlarini yaratish uchun boshlangʻich nuqta boʻla oladigan koʻplab amaliy takliflarga ega keng qamrovli ish ekanligini eʼtirof etdilar.

    Shu bilan birga, Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavletta Markaziy Osiyoning yanada chuqur integratsiyaga oʻtishi uchun taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikka koʻproq eʼtibor qaratishni taklif qildi. Bu, mutaxassisning fikricha, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun poydevor boʻladigan yangi avlodni tarbiyalash imkonini beradi.

    Tadbir yakunida ekspertlar mintaqaviy jarayonlar dinamikasini yanada chuqurroq oʻrganish va bu borada nashrlar tayyorlash boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.