Sobiq deputat Qobul Dusov 5-yil 2 oyga qamaldi

    U 5 nafar mutasaddi va masʼullarni tuhmat va haqorat qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

    Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, shu yilning 16-iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida K. Dusovga (1984-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

    Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada koʻrib chiqildi.

    Sud hukmiga muvofiq K. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutasaddi va masʼullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya boʻlimi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolgʻon xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

    K. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5-yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qoʻshish yoʻli bilan oʻtash uchun uzil-kesil 5-yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi.

    Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

    K. Dusov tomonidan “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida yaratilgan “Kabul Dusov” nomli profil hamda “Telegram” mesenjerida yaratilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati toʻxtatilib, bloklanishi belgilandi.

    Mazkur jinoyat ishi boʻyicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.

    Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.

    Maʼlumot uchun:

    Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan mahkum K. Dusovga nisbatan tayinlangan va oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilangan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil oʻtash uchun 1-yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2025-yil 11-martdagi ajrimi bilan K. Dusov (1984-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan)ga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimi oʻpgarishsiz qoldirilgan.