Bu murojaatlar oʻrganilib, qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda tegishli davlat idoralariga Ombudsmanning asoslantirilgan xulosalari va soʻrov xatlari kiritilishi natijasida koʻplab murojaatchilar ishga tiklangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (Ombudsmanga) ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan va noqonuniy ishdan boʻshatilgan 3 nafar sobiq xodim tomonidan murojaat kelib tushgan va ular Ombudsman nazoratiga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xulosa taqdim etilgan.

Natijada Ombudsman xulosalari inobatga olinib, hozirda barcha murojaat mualliflari bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qoʻshilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qoʻshgan holda xizmatga tiklandi va oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Qayd etish lozimki, soʻnggi yillarda ichki ishlar tizimida tarkibiy va tashkiliy oʻzgarishlar amalga oshirilib, xodimlarning 85 foizi quyi tizimga oʻtkazildi. Bu jarayonda turli sabablarga koʻra xizmatdan boʻshatilgan va hozirda xizmatni davom ettirish istagini bildirgan sobiq xodimlarni oʻz joyiga tiklash ham maʼlum bir vaqt talab etadi.

Mazkur holatni tizimdagi ijobiy oʻzgarish va davlat tomonidan olib borilayotgan inson huquqlari sohasidagi islohotlar mahsuli sifatida koʻrish mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha

vakili (ombudsman) Axborot xizmati