15-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining ish yurituvida boʻlgan A. Voitov (Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan) va boshqalarga hamda jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituvida boʻlgan X. Karimov (Qishlok xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) va boshqalarga oid jinoyat ishlarini bitta ish yurituvga birlashtirish yuzasidan dastlabki eshituv oʻtkazildi.
Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, dastlabki eshituv Jinoyat-protsessual kodeksining 405-6-moddasi talabiga muvofiq yopiq sud majlisida oʻtkazilib, uning natijasi boʻyicha ikkita jinoyat ishi bitta ish yurituvga birlashtirildi.
A.Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni 2024-yil 5-sentyabr soat 15.00 da jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudi binosida boshlanadi.
Tergov organining ayblov xulosasiga koʻra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda boʻlish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan.