Prezident Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

    Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, Toshkent davlat texnika universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov shu yil 4-dekabr kuni 89 yoshida vafot etdi.

    A.Sadriddinov 1936-yil 26-iyunda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent yengil sanoat institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti)da katta laborant vazifasida boshladi. Ushbu o‘quv dargohining aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

    Iste’dodli olim Toshkent texnika universitetida katta o‘qituvchi, dots.nt, Mexanika, Traktor va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi fakultetlari dekani, birinchi prorektor, professor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari kabi lavozimlarda samarali xizmat qilib, mamlakatimizda yuksak malakali kadrlar tayyorlash, agrar sohani zamon talablari asosida mexanizatsiyalashtirishga doir ilmiy ishlanma va qo‘llanmalar tayyorlash, ularni amaliyotga joriy etish jarayonlariga munosib hissa qo‘shdi.

    Zahmatkash olim va pedagog 65 yildan ziyod vaqt mobaynidagi serqirra faoliyati davomida paxta terish mashinalarini takomillashtirish bo‘yicha samarali tadqiqotlar olib bordi, ushbu yo‘nalishda ko‘plab maqolalar, risola va monografiyalar, amaliy ishlanma va metodik qo‘llanmalar yaratdi. Ayniqsa, agrotarmoq rivoji uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 40 dan ziyod ilmiy loyihalar, davlat grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilgani, paxta terish mashinalarini takomillashtirish bo‘yicha laboratoriya bazasiga asos solgani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida texnik va texnologik islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

    Ustoz olim tajribali pedagog sifatida ko‘plab shogirdlar tayyorladi, uning rahbarligida o‘nlab nomzodlik va 5 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilindi.

    A.Sadriddinovning mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik mexanizatori” faxriy unvoni, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlandi.

    Taniqli olim va pedagog, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Azmiddin Sadriddinovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

    Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov