Inson chiroyining 80 foizi yuz terisi tekisligi hamda sochlarning sogʻlom koʻrinishi bilan oʻlchanishi isbotlangan. Ammo turli sabablarga koʻra, soch toʻkilishi, jilosini yoʻqotishi mumkin.

Barchamizni birdek tashvishga solgan bu holat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Ilhom Rahimov bilan suhbat olib borildi.

— Boshda oʻrta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi boʻlishi meʼyor hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Ilhom Rahimov. — Soch follikuladan oʻsib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan boʻlib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.

Soch qopchasida yangi tola paydo boʻla boshlaganda, eskisi toʻkilib ketadi. Bu tabiiy jarayondir. Yaʼni har kuni 60-100 donagacha soch toʻkilishi mumkin. Oʻrtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va koʻproq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq oʻsadi.

Inson organizmidagi eng nozik va eng “jonkuyar” aʼzolardan biri boʻlgan sochning toʻkilishiga tananing boshqa aʼzolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab boʻladi.

Sochning meʼyoridan ortiq toʻkilishi, avvalo, nerv tizimining umumiy ahvoli buzilishi tufayli boshlanadi. Bunga ichki sekretsiya bezlari, jigar, meʼda-ichak yoʻli aʼzolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalardagi tugʻma nuqsonlar ham turtki boʻlishi mumkin.

Seboreya (yogʻ ajralishining buzilishi) natijasida ham sochning erta toʻkilishi ehtimoli bor. Tana haroratining baʼzi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori boʻlishi, zaxmga chalinganda va ogʻir operatsiyalardan soʻng baʼzida soch toʻkiladi. Boshning sochli qismi terisiga zamburugʻ yuqqanligi natijasida ham sochlarimizdan ayrilishimiz mumkin.

Asabiy zoʻriqish, oʻta charchash va boshqalar oqibatida koʻpincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq boʻlib toʻkiladi. Baʼzan imtihon davrida oʻta toliqish, uyqusizlik oqibatida oʻquvchilarda ham soch kamayishi kuzatiladi.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.