«Сода пищевая» kontrafaktini ishlab chiqarilishi toʼxtatiladi

    Biznes 15 Aprel 2021 843

    Intellektual mulk agentligiga kelib tushgan arizaga binoan “P.B.S.” (shartli nom) oilaviy korxonasi tomonidan “БСК” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli boʼlgan jamlanma koʼrinishdagi “НАТРИЙ ДВУУГЛЕКИСЛЫЙ. СОДА ПИЩЕВАЯ” tovar belgisini qonunga xilof ravishda foydalangan holda isteʼmol sodasi, oziq-ovqat tayyorlash uchun natriy bikarbonat mahsulotni ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʼullanganligi aniqlangan.

    Holat yuzasidan Intellektual mulk agentligi tomonidan huquqbuzarga chora ko’rish uchun bayonnoma tuzilib, Jinoyat sudiga yuborilgan.

    Natijada, Sud huquqbuzar harakatlariga baho berib, ish hujjatlarini atroflicha muhokama qildi. Sud majlisida huquqbuzar o’z harakatiga toʼliq iqrorligini, boshqa bu kabi harakatlarni sodir etmasligini, hozirgi kunda boshqa koʼrinishdagi tovar belgisini ishlab chiqib, uni patentlash ishlarini olib borayotganligini ma’lum qildi.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, Sud tomonidan huquqbuzarga oʼzganing tovar belgisidan, xizmat koʼrsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeks 177-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi belgilandi.

    Hurmatli tadbirkorlar, o’zgalar tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanmang va qing’ir ish tufayli ko’za kunda sinmasa kunida sinishini unutmang.