“Fargʻona” xalqaro aeroportida mehmonlarni viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Avaz Oʻrinboyev, shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev va boshqa mutasaddilar tantanali kutib oldilar.

Tojikiston delegatsiyasi aʼzolari Fargʻona, Batken va Soʻgʻd viloyatlari ishbilarmonlari uchun tashkil etilayotgan xalqaro biznes-forumda qatnashadilar. Forum doirasida sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlik boʻyicha rasmiy uchrashuvlar belgilangan.

Uch davlat ishbilarmonlarining turli yoʻnalishlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida muhim kelishuvlar imzolashlari ham kutilmoqda.

Shuningdek, mehmonlar viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasini borib koʻrishi, yirik sanoat va qishloq xoʻjaligi majmualari faoliyati bilan tanishtirilishi ham rejalashtirilgan.