Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida OFK kubogi “E” guruhi oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kecha turning soʻnggi oʻyinida Jizzaxning “Soʻgʻdiyona” klubi Turkmanistonning “Oltin asr” jamoasini 3:1 hisobida yengib, keyingi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Uchrashuvning 20-daqiqasida Jasur Hasanov hisobni ochdi – 1:0. 48-daqiqada Javohir Qahramonov hisobni 2:0ga yetkazdi. 60-daqiqada esa Jasur Hasanov oʻzining ikkinchi, jamosining uchinchi golini raqib darvozasiga yoʻlladi. Oradan koʻp oʻtmay, turkmanistonliklar farqni biroz qisqartirishga muvaffaq boʻlishdi – 3:1.
Shu tariqa “Soʻgʻdiyona” Dushanbeda oʻtgan guruh bosqichidagi uch oʻyinni ham gʻalaba bilan yakunlab, 9 ochko jamgʻardi va guruh peshqadami boʻldi.
Endi jizzaxliklar OFK kubogi “F” guruhi gʻolibi Tojikistonning “Xoʻjand” klubi bilan keyingi bosqichga chiqish uchun kurash olib boradi. Uchrashuv avgust oyida boʻlib oʻtadi.