Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishi, yurtdoshlarimizning uzoq umr koʻrishlariga erishish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish borasida qator islohotlar amalga oshirilayotir.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi asosida soha bosqichma-bosqich takomillashtirib kelinmoqda. Soʻnggi bir yilda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu yil sohaga byudjetdan 21 trillion soʻm, yaʼni 2017-yilga nisbatan 3 baravar koʻp mablagʻ ajratildi.
Bu haqda Yurtboshimiz tomonidan 18-may kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.
Prezidentimiz mazkur yigʻilishda sohadagi vazifalarni 5 ta yoʻnalishda koʻrsatib oʻtdilar. Yaʼni, Birlamchi tibbiyot boʻgʻinini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish;
– ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash;
– raqamlashtirish orqali sohada qogʻozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish;
– tibbiyotning barcha yoʻnalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
– tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish kabi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalasiga eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi boʻlib, ularning faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulangani va bu tizimni yana-da rivojlantirish borasida aniq vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, yigʻilishda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Avvalo, ularni sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, bolalarning toʻgʻri ovqatlanishini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Ha, albatta, sogʻlom avlod – sogʻlom millat, sogʻlom jamiyat va taraqqiyot garovidir. Jismi va ruhi sogʻlom boʻlgan odamgina tom maʼnoda oʻzini baxtli his eta oladi. Darhaqiqat, A.Avloniy bobomiz taʼkidlaganidek, sogʻlom bola sogʻlom va ahil oilaning mevasidir. Biz oilaga hayot davomiyligini taʼminlaydigan, kelajak nasllar taqdiriga kuchli taʼsir koʻrsatadigan tarbiya maskani sifatida qaraymiz. Yana sogʻlom fikrli kishigina hayotga teran nigoh va ezgu gʻoyalar bilan qaraydi.
Toʻgʻri ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga va tozalikka rioya qilish, muntazam sport bilan shugʻullanish inson salomatligining kaliti hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni aytamanki, tibbiyotdagi islohotlarni sifatli, manzilli amalga oshirib, fuqarolarimizning tibbiyot sohasidan rozi boʻlishiga hamkasblarimiz bilan birgalikda bor kuch va imkoniyatimizni, tajribamizni safarbar etamiz.
Feruza Madaliyeva,
Fargʻona shahridagi 5-oilaviy poliklinika bosh shifokori,
Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati.