Qarorga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisi quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga masʼul etib belgilandi, jumladan:
- davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini toʻliq joriy etish;
- tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish;
- davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilish;
- sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash.
2024-yilda:
- 40 ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari toʻliq qayta koʻrib chiqiladi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi;
- respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazining faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullari va tibbiy yordam xavfsizligi va sifatining yuqori standartlari joriy etiladi hamda ular xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.