Sogʻliqni saqlash sohasidagi takliflar koʻrib chiqildi

    Hukumat 22 Yanvar 2024 3594

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida aholi salomatligini taʼminlash, tibbiyot sifatini oshirish boʻyicha koʻplab vazifalar belgilangan. Bu islohotlarni jadallashtirish va hayotga samarali tatbiq etish maqsadida xalqaro ekspertlar ishtirokida takliflar ishlab chiqildi.

    Unga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilmoqda. U davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini toʻliq joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy taʼlim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish kabi yoʻnalishlarga masʼul etib belgilanadi. Shuningdek, bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga koʻmaklashadi.

    Loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb qilinadi.

    Sogʻliqni saqlash sohasida belgilangan islohotlar yetuk kadrlar salohiyatini talab etadi. Shu bois bu borada bir qancha chora-tadbirlar koʻzda tutilmoqda.

    Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining taʼlim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari boʻyicha magistrlik yoʻnalishlari ochiladi. Tibbiyot yoʻnalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yoʻlga qoʻyiladi.

    Kelgusi oʻquv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida oʻqitiladi.

    Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

    Joriy yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta koʻrib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.

    Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, mazkur ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash boʻyicha topshiriq berdi.