Uning asosini shu kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIOvaBSIATM)da boʻlib oʻtayotgan trening ishtirokchilari oʻrganyapti.
Sogʻliqni saqlashda menejment — 9-13-dekabr kunlari Ona va bola salomatligi markazining Oʻzbekistondagi 14 hududidagi filiallari rahbarlari uchun tashkil etilgan “Ona va bola oʻlimini kamaytirish yoʻli” mavzusidagi seminar-trening bloklaridan biridir. Sayyor oʻquv kursi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan tashkil etilgan. Treningni esa “Akademik V.I. Kulakov nomidagi Akusherlik, ginekologiya va perinatal milliy tibbiyot tadqiqot markazi” Federal davlat byudjet muassasasining (Moskva shahri) ekspertlari oʻtkazyapti.
“Biz sogʻliqni saqlashda menejment kursining ikkinchi bosqichini oʻtayapmiz. Bu esa kollektivni, qolaversa, har bir mutaxassisni boshqarishga, va ular bilan oʻzaro munosabatga zamonaviy yondashuv boʻyicha zarur bilimlar beradi. Shuningdek, kurs davomida tibbiy sugʻurtaning xalqaro tajribasini, biznes-reja tuzishni, turli xil dasturlarni joriy etishni oʻrgandik”, — deb taʼkidladi RIOvaBSIATM DM Toshkent shahar filiali direktori Nargiza Umarova.
U kishi bir qator yoʻnalishlar, xususan, shtat jadvaliga, sugʻurtali tibbiyot marketingiga va boshqalarga bir maromda yondashish boʻyicha bilimlarni oshirish uchun mana shu kabi oʻquvlarni davom ettirish zarur deb hisoblaydi.
RIOvaBSIATM Fargʻona filiali direktori Madhiya Suyarqulovaning fikricha, sogʻliqni saqlash tizimida zamonaviy menejment boʻyicha bilim va koʻnikmalar tibbiy muassasalar rahbarlari uchun bugun juda dolzarb.
Shuni qoʻshimcha qilamizki, bugun Oʻzbekistonning har bir hududida tibbiy yordam yaxshilangan ikkitadan pilot tumanlar belgilangan. RIOvaBSIATMning ushub pilot tuman tibbiy muassasalari bilan oʻzaro iki tomonlama hamkorligi doimiy yoʻlga qoʻyilgan. Bunda mutaxassislar uchun xalqaro trenerlar ishtirokidagi oʻquv kurslari tashkil etiladi, tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatiladi, yuqori texnologik jarrohliklar olib boriladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.