Maʼlumki, bundan avval pandemiya sharoitida Germaniyaning eng nufuzli Robert Kox institutining malakali epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi tajribali mutaxassislaridan iborat guruhlar ikki marta Oʻzbekistonga keldi. Delegatsiyalar tashrif davomida koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz shifokorlariga yaqindan koʻmak berib, ularga kerakli tavsiyalar berdi. Infeksiyaga chalingan bemorlarni davolashda bevosita ishtirok etdi, tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatdi va oʻzaro tajriba almashdi.
Hozirgi tashrif esa uchinchisi boʻlib, bu safar delegatsiya tarkibida Yevropaning nufuzli Robert Kox institutidan tashqari Sharite universitet klinikasi vakillari va Germaniyaning yuqori malakali virusolog, infeksionist, telemeditsina boʻyicha mutaxassislari ham bor. Bu esa hamkorlik aloqalari yana-da kengayayotganidan dalolatdir.
Sogʻliqni saqlash sohasi rivojlangan davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, klinikalari bilan hamkorlik qilish masalasiga yurtimizda katta eʼtibor qaratilayotgani aytib oʻtildi. Ayniqsa, Yevropaning ikki nufuzli tibbiyot maskani boʻlmish Robert Kox instituti va Sharite universitet klinikasi bilan ham samarali aloqalarni rivojlantirish, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgani, ushbu delegatsiya tashrifi esa bunga zamin yaratishi qayd etildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.