Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirus boʻyicha notoʻgʻri axborot tarqatmoqdami?

    Ijtimoiy hayot 27 Iyun 2020 2424

    Buxoro davlat universiteti jiddiy e'tiroz bilan chiqdi.

    Buxoro davlat universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “SSV matbuot kotibi” nomli, https://t.me/ssvmatbuotkotibi havolasi orqali faoliyat koʻrsatuvchi telegram kanalida 27-iyun kuni soat 18:54 da joylashtirilgan “Xonqada yashovchi fuqaro va uning 7 nafar oila aʼzosida koronavirus aniqlandi” mavzuli xabariga nisbatan quyidagilarni maʼlum qiladi.

    Mazkur xabarda respublikamizda 26-iyun kuni aholi oʻrtasida aniqlangan koronavirusga chalinish holatlari haqida maʼlumot berish asnosida “Buxoro davlat universiteti magistri M.X.da (afgʻonistonlik)” koronavirus tasdiqlanganligi bildirib oʻtilgan.

    Buxoro davlat universiteti talabalari safida afgʻonistonliklar ham, M.X. taxallusli magistrant ham tahsil olmasligini maʼlum qilamiz. Telegram kanalida keltirilgan ushbu xabarni toʻgʻrilash maqsadida tezkorlik bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi saytida koʻrsatilgan telefon raqamlariga murojaat qilindi. Afsuski, vazirlikning asosiy raqami boʻlgan 71 2411468, 7/24 tartibida ishlashi lozimligiga qaramasdan faqatgina dushanba-juma kunlari maʼlum vaqt oraligʻida ishlashi koʻrsatib qoʻyilgan 71 2394795 hamda matbuot kotibining 71 2411640 raqamlariga hech kim javob bermadi. Matbuot kotibiga Feysbuk orqali murojaat yoʻllash imkoniyati koʻrilganida esa, sahifada oxirgi xabar 9-mart kuniga oid ekanligi, undan umuman foydalanilmasligi maʼlum boʻldi.

    Buxoro davlat universiteti Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan telegram kanalida keltirilgan maʼlumotni qaysi manbadan olganligi, notoʻgʻri maʼlumotni nega tarqatganligi borasida izoh kutib qoladi.

    Biz hozirgi pandemiya sharoitida har qanday inson oʻzi bilmagan holda virusni yuqtirib olmasligiga kafolat bera olmasligini yaxshi bilgan holda, beriladigan maʼlumotlarni tekshirib, manbasini aniq bilib xalqqa toʻgʻri axborot berishi tarafdorimiz.

    Buxoro davlat universiteti Matbuot xizmati