Bugundan boshlab vazirlikning oʻzida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzolari, tibbiyot sohasidagi nufuzli olimlar, vazirlik mutasaddi rahbarlari sogʻliqni saqlash sohasidagi jarayonlar, xususan, koronavirusga qarshi kurashish, kasallikni davolash va vaksinatsiya jarayonlari haqida muntazam maʼlumot berib borishadi.

Hozirda media makonda tibbiyot sohasidagi ishonchli axborotlarga talab yuqoriligi, aholi orasida koronavirus va vaksinatsiya borasidagi savodxonlikni rivojlantirish, turli asossiz mish-mishlarga yoʻl qoldirmasdan eng toʻgʻri va tezkor yangiliklarni yurtdoshlarimizga yetkazish maqsadida tashkil etilgan ushbu media hollda muloqotlar “Oʻzbekiston 24” telekanalida toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatib boriladi.

Bugun YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade va Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinborsari Elmira Basitxanova ushbu media holl ochilishi munosabati bilan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Maʼlumot uchun, bugun soat 13:15 da Sogʻliqni saqlash vazirligida tashkil etilgan media holldan ilk toʻgʻridan toʻgʻri efir amalga oshiriladi. Unda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzolari Sevara Ubaydullayeva va Eʼzozbek Rizayevlar koronavirusni davolashda antibiotiklardan foydalanishning zararli oqibatlari haqida maʼlumot berishi kutilmoqda, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.