Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Alijanov Abrorjon Alijon oʻgʻli Sogʻliqni saqlash vazirligining Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti boshligʻi etib tayinlandi.

A. Alijanov 2003-yil Andijon davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2006-yil mazkur oliy oʻquv yurtining magistratura bosqichlarini tamomlagan.

Turli yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialining abdominal xirurgiya boʻlimida jarroh, xodimlar boʻlimi boshligʻi, filial bosh shifokori oʻrinbosari hamda direktori, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligining Tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish boshqarmasi boshligʻi kabi lavozimlarda ishlagan.

A. Alijanov tayinlovga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi Nazorat inspeksiyasi boshligʻi vazifasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

***

Eraliyev Umidjan Ergashovich Sogʻliqni saqlash vazirligining Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.

U. Eraliyev 2009-yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutining bakalavriat, 2012-yil Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bosqichlarini tamomlagan.

Turli yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi menejment, tibbiy biologiya, biotibbiyot muhandisligi va oliy maʼlumotli hamshira fakulteti hamda 2-son davolash fakulteti dekani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Sogʻliqni saqlash va tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilish shoʻbasi bosh konsultanti kabi masʼul lavozimlarda ishlagan.

Tibbiyot fanlari doktori (DSc) U. Eraliyev tayinlovga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Sogʻliqni saqlashni rivojlantirish shoʻbasi bosh inspektori vazifasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

***

Sultanov Davron Taxirovich Sogʻliqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

D. Sultanov 2005-yil Toshkent davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2013-yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutining magistratura bosqichlarini tamomlagan.

Turli yillarda Sogʻliqni saqlash vazirligi Nazorat inspeksiyasining Toshkent shahri boʻyicha boshligʻi, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi, Vazirlar Mahkamasi apparatining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport kotibiyati bosh mutaxassisi, Bosh vazir kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamenti, shuningdek, Ijtimoiy rivojlanish boʻlimi bosh mutaxassisi, Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi kabi masʼul lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan.

Tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori D.Sultanov tayinlovga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti shoʻba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.