Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinika hamshirasining oʼz oylik maoshidan 1 foizini Oʼzbekiston Qizil Yarim oy jamiyati fondiga oʼtkazishga roziligi haqida yozgan arizasi tarqaldi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi ayni paytda mazkur holat yuzasidan oʼrganish olib bormoqda. Ushbu holat nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, kamchilikka yoʼl qoʼygan masʼullarga nisbatan tegishli jazo choralari koʼrilishi taʼminlanadi.
Shu oʼrinda vazirlik tizimda bu kabi holatlarga yoʼl qoʼymaslik, sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodimning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun kerakli barcha choralar koʼrishini maʼlum qiladi. Qolaversa, sohada mehnat qonunchiligi talablari buzilishiga, xodimlarning ish haqidan asossiz va majburiy tarzda turli ushlanmalar ushlanishiga yoʼl qoʼyilmaydi.
"Hurmatli tibbiyot xodimlari, agar Sizni majburiy mehnatga jalb qilishsa yoki ish haqingizdan noqonuniy ushlab qolishsa, vazirlikning 71-241-16-40 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin. Yana bir bor eslatib oʼtamiz, Sogʼliqni saqlash vazirligi korrupsion holatlar hamda noqonuniy xatti-harakatlarning har qanday koʼrinishiga nisbatan murosasiz munosabatda boʼladi", deyiladi xabarda.