Qayd etilishicha, sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, “Elektron poliklinika”, “TMEK”, “Narkologik dispanser”, “Psixologik dispanser”, “Bemor”, “Emlash”, “Xatlov”, “Tugʻilish va oʻlim”, “PSR-test tizimi” va boshqalar ishga tushirilgan.
Aholi oʻrtasida patronaj tekshiruvlarini optimallashtirish, xavf guruhlariga ajratish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan “Xatlov” elektron tizimida 30 mln aholining maʼlumotlari shakllantirildi.
“Elektron poliklinika” axborot tizimiga 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi ulanib, 10 546 nafar tibbiyot xodimi roʻyxatdan oʻtkazildi hamda 9 million nafarga yaqin bemor haqidagi maʼlumotlar shakllantirildi. Shifokorlarning ish jadvalini onlayn koʻrish va ularning qabuliga masofadan yozilish imkoni yaratildi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash hisobini yuritish boʻyicha “Emlash.uz” tizimi ishga tushirildi. Tizimda 5,4 ming nafar foydalanuvchi tomonidan 4,1 million nafar aholining maʼlumotlari shakllantirildi hamda emlanganlik toʻgʻrisida onlayn sertifikat olish imkoniyati yaratildi.
Ruhiy kasalliklar dispanseri, narkologiya dispanseri
hisobida turganlik va nogironlik toʻgʻrisidagi (TMEK) maʼlumotlar raqamlashtirildi va Elektron hukumat tizimiga integratsiya qilindi. Bu boradagi maʼlumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratildi va uning natijasida qogʻozbozlikka chek qoʻyildi.
Tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida “103” yagona axborotlashtirilgan boshqaruv tizimi Toshkent shahrida tajriba loyiha doirasida ishga tushirildi.
Shuningdek, joriy yilda “Elektron order”, “Telemeditsina”, “Tibbiy jihozlar hisobi”, “Kadr resurslari”, “Onlayn oʻqitish”, “Tibbiy sugʻurta” kabi tizimlarni hamda mobil ilovalarni ishga tushirish ham rejalashtirilgan. 2022–2025-yillarda yagona elektron tibbiy karta, elektron shifoxona, elektron retsept, laboratoriya va radiologiya hamda sunʼiy intellektga asoslangan tizimlar amaliyotga joriy etiladi.









