Soha xodimlariga beriladigan IT viza O‘zbekiston fuqarolari bilan deyarli bir xil huquqlarga ega va ularga ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi

    Investorlar orasida mashhur bo‘lgan «bne IntelliNews» onlayn nashrida «O‘zbekiston 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan AKT haftaligida IT sohasidagi muvaffaqiyatlarni namoyish etdi» sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Unda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda “ICTWeek-2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan iqtisodiy islohotlar dasturi samaralarini keng namoyish etish imkonini berdi.

    «Jahon banki O‘zbekiston misli ko‘rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotganini taʼkidladi, deb yozadi Britaniya nashri. “ICTWeek-2022” ko‘rgazmasida maʼruzachilar ham bunga dalillarni eʼtirof etdilar: O‘zbekiston ayni paytda elektron hukumat reytingi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallab turibdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18 pog‘ona yuqori. Mamlakatning bundan ham yuqoriga ko‘tarilishi kutilmoqda».

    Britaniya onlayn nashrida yozilganidek, O‘zbekistonning yangi AKT infratuzilmasining asosiy bo‘g‘ini uning IT parki hisoblanadi. Chunki Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi salohiyatli xodimlar uchun jozibador shart-sharoitlar yaratishga intilmoqda. Taʼkidlanishicha, Toshkent texnoparki o‘z IT biznesini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy elementi hisoblanadi.

    «Vazir Sherzod Shermatov park ishtirokchi bo‘lgan rezidentlar 2028 yil 1 yanvarga qadar «soliqlardan to‘liq ozod etilgani»ni aytdi. Ushbu soha xodimlariga beriladigan IT vizasi esa O‘zbekiston fuqarolari bilan deyarli bir xil huquqlarni taqdim etadi va ularga ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi», deb yozadi «bne IntelliNews».