Zero, korxonamiz zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan, ilmiy salohiyati yuqori kadrlariga, ilgʻor axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi va ishlab chiqarishi avtomatlashtirilgan boshqarishga ega yirik zamonaviy majmua hisoblanadi.
YANGI JARAYONLARGA XOS TEXNOLOGIYALAR
Korxonamizda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, mavjudlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish bu jarayonning ajralmas qismidir.
Kombinatda ishlab chiqarish, transport, moliyaviy va buxgalteriya hisobi, xodimlar, moddiy-texnik taʼminot, energiya resurslari va rejali profilaktika taʼmirlash ishlarini boshqarish tizimlari ishlab chiqilgan va joriy etilgan. Xususan, yangi konlarni qidirish, rejalashtirish va ishlab chiqish, shuningdek, mavjudlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi 3D modellashtirish funksiyalariga ega. Micromine dasturiy taʼminoti ham unumli qoʻllanib kelinyapi. Uning asosiy afzalligi obyektlar boʻyicha mavjud materialdan foydalanishning toʻliqligi bilan bogʻliq geologik maʼlumotlarni tasdiqlanmasligidan kelib chiqadigan xavfni oldindan baholash va zaxiralarni anʼanaviy usul bilan olingan hisoblashlarni tuzatishdan iborat.
Togʻ-kon ishlarini baholash, loyihalash, optimallashtirish va rejalashtirish, geologik qidiruv maʼlumotlarining elektron bazasini yaratish, karyerlarning (ochiq konlarning) geologik tuzilmasini xaritalash, karyerlarning yon tomonlari (devorlari) deformatsiyasini prognozlash, zaxiralarni hisoblash uchun esa, GEOVIA MineSched, Studio OP geologik axborot tizimi joriy etilgan. Yangi tizim qisqa vaqt mobaynida mutaxassislarga 12 ta kon uchun xalqaro JORC kodeksiga muvofiq, zaxiralarni qisqa muddatlarda hisoblab chiqish imkonini berdi.
Kombinatda ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalar ishlab chiqarishga tezkorlik bilan tatbiq etilyapti. Chunki, hozirgi kunda bu sohada bir qadam oldinda yurmasangiz, koʻp narsadan bexabar boʻlasiz va ortda qolib ketish ham hech gap emas.
INTELLEKTUAL TIZIM SAMARASI
Kombinatdagi gidrometallurgiya zavodlarining ishlab chiqarish maydonlarida deyarli barcha texnologik jarayonlarni qamrab oluvchi zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv markazi negizida intellektual tizim joriy etilmoqda. Bunda barcha bosqichlardagi texnologik jarayonlar toʻgʻridan-toʻgʻri raqamli boshqarib boriladi. Shu bilan birga, bu tizim avariyalar, turib qolish, eskirish holatlarini bartaraf etgan, taʼmirlagan holda, samaradorlikni oshirishga qaratilgan tezkor obyektiv maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.
Masalan, 3-gidrometallurgiya zavodida qiyin ishlov talab qiluvchi chiqindilardan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish maqsadida intellektual tizim joriy etildi. Natijada texnologik jarayonga inson omilining taʼsirini kamaydi va qimmatbaho metallar qazib olish hajmi oshdi. 2021-yilda ishga tushirilgan 2-gidrometallurgiya zavodining ikkita tegirmon blokida ham zamonaviy raqamli texnologiyalar tatbiq etildi. Bu, oʻz navbatida, tarkibida oltin boʻlgan maʼdanni qayta ishlash hajmini soatiga 120 tonnagacha yoki bir kecha-kunduzda 3000 tonnagacha oshirish imkonini berdi.
Mazkur zavodning 22 ta tegirmon blokiga Germaniyaning Engineering Dobersek kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan gidrotsiklon qurilmalarni avtomatik boshqarish tizimi oʻrnatilgan. Raqamli texnologiya tufayli maydalash jarayonining sifat koʻrsatkichlari yaxshilandi va yangi tegirmon bloklarini qurishda yer maydonlari sahnini qisqartirishga erishildi. Uning yana bir afzalligi, ancha yuqori darajadagi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga integratsiyalashuv imkoniyatiga egaligidir.
Grind Expert texnologiyasini qoʻllash tegirmon bloklaridagi maydalash jarayoni unumdorligini 5-7 foizga oshiradigan yangi tizimini ishlab chiqishga yoʻl ochdi. Umuman olganda, ayni kunda zavodning barcha texnologik jarayonlari markazlashtirilgan raqamli nazorat mexanizmi yordamida boshqarilishi yagona integrallashgan avtomatlashtirilgan tizimning yaratilishiga zamin boʻldi.
ISHLAB CHIQARISH JARAYONLARI MONITORINGI
Kombinat korxonalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, ishlab chiqarish jarayonlarini doimiy monitoringini olib borish, yonilgʻi mahsulotlarini tejash boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi elektron tizimlar keyingi yillarda dispetcherlik xizmati, ochiq karyerlar va yerosti konlarida keng joriy etildi.
Misol uchun karyer uskunalarini onlayn monitoring qilish tufayli yuk tashuvchi avtomobillar, ekskavatorlar va burgʻilash qurilmalari faoliyatini operativ boshqarish imkoniyati vujudga keldi. “Zarmitan”, “Gʻujumsoy” va “Qoraqoʻtan” yer osti konlarida har bir smena faoliyati ham shu tariqa uzluksiz kuzatib va baholab boriladi.
Maʼlumki, kon-metallurgiya sohasida maʼdanlarni qazib olish va tashishda transport vositalarining oʻrni juda katta. Qudratli texnikalar katta sarf–xarajatni ham talab qiladi. Ularni kamaytirish maqsadida “Yoqilgʻi va moylash mahsulotlari monitoringi” dasturi ishlab chiqildi. Dastur yordamida yoqilgʻi va moylash materiallari nazorati avtomatlashtirilgan tarzda olib borilyapti. Uning qulayligi shundaki, onlayn rejimda transport vositalari harakatini kuzatish va nazorat qilish mumkin.
Kombinatda GPS/GSM sunʼiy yoʻldosh tizimi asosida Online monitoring qilish mexanizmi ham yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida 3500 dan ortiq transport vositalari faoliyatini oqilona boshqarish imkoniyati yuzaga keldi.
Mutaxassislarimiz tomonidan inson omilini kamaytirish maqsadida elektron identifikatsiyalash kartalari orqali yoqilgʻi-moylash materiallarini tarqatish jarayoni avtomatlashtirildi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida esa, operatorlarsiz yoqilgʻi quyish yoʻlga qoʻyildi. Bu kabi choralar yoqilgʻi-moylash materiallarining hisobini yuritish va sarf qilish ustidan nazoratni kuchaytirib, turli darajadagi yoʻqotishlarning oldini olishga xizmat qilyapti. Misol uchun, raqamli tizim 2020-2021-yillarda maʼdan massasi birligi uchun dizel yoqilgʻisining solishtirma sarfini 1,42 dan 1,37 l/m3 gacha kamaytirish imkonini berdi. Natijada, 2021-yilning oʻzida 12 164 tonna yoki 72,8 milliard soʻmdan ortiq yoqilgʻi-moylash materiallari tejaldi.
Ilgari maʼdanni tashish, uning hajmi va boshqa koʻrsatkichlar hisobotini tayyorlash jarayoni uzoq vaqt talab etar, operator yoki foydalanuvchiga qiyinchilik tugʻdirardi. Ana shu murakkablikni hisobga olgan holda, IT mutaxassislaritomonidan mehnat intizomini yaxshilash va ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish, transport vositalari samaradorligini oshirish maqsadida “Kon texnikalari onlayn monitoringi” dasturi ishlab chiqildi. Uning amalga oshirilishi turli hisobotlar yaratish jarayonini avtomatlashtirish, karyer texnikalari unumdorligini oshirish hamda uzilishlarning oldini olish imkonini beryapti. Dastur vositasida kon texnika va uskunalarining ishlashi haqida, zarurat tugʻilganda, har soniyada elektron hisobot olish mumkin. Shu bilanbirga, kondan olib chiqilayotgan maʼdan massasining hajmidan tortib, qancha yoqilgʻi-moylash mahsulotlari sarflangani, texnikaning toʻxtab qolish sabablariyu qazib olingan rudaning tarkibi boʻyicha ham maʼlumot berib boradi.
Gidrometallurgiya zavodlarining oʻz ishlab chiqarish salohiyati jihatdan respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda alohida oʻrin tutadi. Kombinat dasturchilari tomonidan yaratilgan maxsus axborot tizimi ular faoliyatini avtomatik boshqarish, yuzaga kelgan kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari boʻyicha tezkor axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyishda juda asqatyapti. Har bir sexning ish samaradorligi, rejaning bajarilishi, uskunalarning sozligi toʻgʻrisidagi tezkor maʼlumotlar onlayn rejimda dispetcherlik xizmatlariga, zavod va kombinat boshqarmasi rahbar va mutaxassislariga yetkaziladi. Mabodo ishlab chiqarish jarayonida muammo va kamchiliklar yuz bergan taqdirda, dastur tufayli ular tezkorlik bilan hal etiladi va ish hajmining sezilarli darajada ortishi taʼminlanadi.
Maʼlumki, korxonamizning ishlab chiqarish inshootlari respublikamizning 7 ta hududida joylashgan. Rahbariyat va mutaxassislar ishlab chiqarish jarayonini joylarga borib kuzatishlari uchun koʻp vaqt ketardi va avtomobillardan foydalanish yoqilgʻi sarflashni taqozo etardi. Bugungi kunda oʻz ish joyida turib, birgina kompyuter tugmasini bosish orqali barcha konlar, ishlab chiqarish va qurilish obyektlaridagi ish jarayonlarining borishini nafaqat kuzatish, balki ularni boshqarish imkoniyati mavjud. Buning uchun IT mutaxassislarimiz PTZ aylanma raqamli videokameralardan foydalanish loyihasini ishlab chiqdi va ular orqali texnologik jarayonlar real vaqt rejimida nazorat qilib borilyapti.
Shuningdek, ayni paytda kombinatda tibbiy koʻriklar, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi yoʻriqnomalarining oʻtkazilishi, kasb kasalliklari va baxtsiz hodisalarni hisobga olish hamda nazorat qilish ham raqamli texnologiyalar zimmasiga yuklangan. Shunday tizimdan moliya-xoʻjalik faoliyatini boshqarish va buxgalteriya hisobini yuritishda ham foydalanilmoqda. Kombinatda har oyda moliya-xoʻjalik yoʻnalishlarga oid 100 mingdan ortiq elektron hujjat shakllantirilishi hisobga olinsa, yangi tizim nechogʻlik beminnat yordamchiga aylangani, qolaversa, hujjatlarning elektron nusxalari uzoq muddat ishonchli saqlanishi yaqqol namoyon boʻladi.
Prezidentimizning 2021-yil 17-fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, kombinatning ushbu yoʻnalishdagi yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, raqamli transformatsiyalash boʻyicha rejalashtirilgan qator loyihalar boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, korxonamizdagi gamma-faollashtirilgan tahlilli markaziy laboratoriya jahon kon sanoati korxonalari orasida yagona boʻlib, undagi noyob asbob-uskunalar yordamida maʼdanlardagi oltin miqdori aniqlanadi. Oldinlari natijalar 2-3 kunda tayyor boʻlsa, yangi texnogiyaning oʻrnatilishi tufayli hozirgi kunda bunga atigi18 sekund sarflanadi. Chunki, tahlillar cunʼiy intellekt elementlari yordamida amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, gamma-faollashtirilgan usuli vositasida kumush va noyob metallar tarkibini aniqlash ishlari ham yoʻlga qoʻyiladi.
Amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar ham koʻrsatib turibdiki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi kombinat iqtisodiy salohiyatining yuksalishiga asos boʻlmoqda. Demak, bu jarayonda IT-xizmatlarining ahamiyati ortib boraveradi, yangidan-yangi texnologiyalarni tatbiq etish yanada izchil izlanishni va doimo bir qadam oldinda yurishni talab etaveradi.
Bahodir DAVLATOV,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati
IT texnologiyalari boshqarmasi boshligʻi








