Sohibaxon Yo'lchiyeva "Ibratli sudya" mukofotiga sazovor bo'ldi

    Fuqarolik ishlari bo'yicha Yangiqo'rg'on tumanlararo sudining raisi Sohibaxon Yo'lchiyeva Namangan viloyati sudiga bu gal oilasi bilan tashrif buyurdi.

    Boisi, uning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi fidokorona xizmatlarini Sudyalar Oliy kengashi alohida e'tirof etib, "Ibratli sudya" mukofotiga loyiq ko'rdi.

    Shu munosabat bilan Sudyalar Oliy kengashi tomonidan o'tkazilgan taqdirlash marosimi barcha hududlarga videokonferensaloqa tarzida ulanib, tizim fidoyilariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda viloyat sudi raisi Alisher Usmonov davlatimiz rahbari farmoniga asosan ta'sis etilgan mazkur mukofot adolat va haqiqat yo'lida faoliyat yuritayotgan sudyalarga yuksak rag'bat va mas'uliyat ekanligini ta'kidladi.

    Sudyalar Oliy kengashi qaroriga muvofiq, sudyalik lavozimida bo'lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangan fuqarolik ishlari bo'yicha Namangan tumanlararo sudining raisi Tojiddin Madrahimov, jinoyat ishlari bo'yicha Uychi tuman sudining raisi Baxtiyor Obidov, yangi lavozimga qo'yilgan sudyalar Abdurasul Muhiddinov, Baxtiyor Olimjonovning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilashdi.

    Taklif qilingan sudyalarning ota-onalari, oila a'zolariga viloyat sudi raisi samimiy minnatdorlik bildirdi. So'z olgan sudyalar ham e'tibordan xursandliklarini aytib, qonun ustuvorligi va xolislikni ta'minlashga, insonlarning sud idoralariga ishonchini yanada mustahkamlashga sidqidildan intilishga va'da berishdi.