Anʼanaga koʻra 9-aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron bobomiz tavallud kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda hukumat va parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maʼruzalaridan birida: “Xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qoʻyadigan adolat tuygʻusini hayotimizda yanada keng qaror toptirishni biz birinchi darajali vazifamiz, deb hisoblaymiz. Bu borada buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz: “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz boʻlsin!”, deya bejiz taʼkidlamagan. Bugungi kunda mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam boʻlmagan hayot barpo etish maqsadiga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatan Amir Temur oʻgitlariga uygʻundir”, deya qayd etgan edi.
Sohibqiron Amir Temur oʻz davrida eng qudratli davlat barpo etgan, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat rivojiga keng yoʻl ochgan, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk shaxsdir. Bobokalonimizning adolatli jamiyat barpo etish, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, xalq farovonligini taʼminlashga oid ezgu tamoyillari bugun Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy hayotining oʻziga xos mezoniga aylandi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Amir Temur nafaqat oʻz davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi, balki oʻz vaqtida Osiyo va Yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk bunyodkor boʻlganini taʼkidladi.
Yevroosiyo hududida ulkan saltanat barpo qilgan Amir Temur shaxsi va faoliyatiga qiziqish xalqaro maydonda tobora ortib bormoqda. Bugun dunyoning qariyb 60 ga yaqin mamlakatida temurshunos olimlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temur bobomizning, “...oʻz qudratimni saqlash uchun men bir qoʻlimda adolat shamini va ikkinchi qoʻlimga begʻarazlik shamini tutib, har ikkala sham bilan butun umr boʻyi oʻz yoʻlimni yoritib yurdim. Barcha qilmishlarimda ana shunday adolat qoidalariga rioya qildim”, deb aytgan soʻzlari keltirilgan. Bugungi qutlugʻ marosimda yurtdoshlarimiz qalbida kechayotgan gʻurur va iftixor tuygʻularini koʻrib Sohibqiron bobomizning ushbu soʻzlari yana bir bor yodga tushadi.
Bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans davri shabbodalari esayotgan bir davrda buyuk sarkardaning har bir oʻgitlari, ilm-maʼrifat va adolat borasidagi saboqlari ulkan maqsadlarimiz yoʻlini yoritayotgani, yangi Oʻzbekiston poydevoriga mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgani ayni haqiqatdir.
Zero, bugun mamlakatimizda katta gʻayrat-shijoat bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uygʻundir.
Tadbir ishtirokchilari buyuk Sohibqiron haykali poyiga gullar qoʻydilar. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyida sana munosabati bilan tashkil etilgan koʻrgazma bilan tanishdilar.