Shuningdek, tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.

Soliq boʻyicha tadbirkorlarga nisbatan daʼvo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi.  

Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish boʻyicha sud qarori chiqarilganda, penya va foizlar hisoblash toʻxtatiladi.

Hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin koʻrsatkichlarni 16 ta davlat idorasiga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bunday turli hisobotlarni tayyorlashga 300 milliard soʻm sarflamoqda.

Shu bois 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

- bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatiladi;

- barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yoʻlga qoʻyilib, ularning qogʻoz shakli bekor qilinadi (hozirda 15 foiz hisobotlar qogʻozda topshiriladi).