Soliq idorasi xodimi pora olgan paytda qoʻlga olindi

    Fargʻona viloyatida soliq organi xodimi yirik miqdorda pora olishda gumonlanib, tezkor tadbir paytida ushlandi.

    DXX Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasining tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash – xizmat koʻrsatish boʻlimi katta inspektori mansab vakolatlaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanishga uringani fosh etdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, u oʻz ukasiga tegishli boʻlgan, 2023-yilda Fargʻona tumanida elektron auksion orqali 30-yil muddatga ijaraga berilgan 48 sotix qishloq xoʻjaligi yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 000 AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soliq idorasi xodimi pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.