Soliq inspektori, maktab direktori va bosh hisobchi pora bilan qoʻlga tushdi

    Hozirda har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    DXX matbuot xizmatining xabar berishicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Ijobiy natijalar kuzatilmoqda — xalqaro reytinglarda ham Oʻzbekistonning oʻrni tobora yaxshilanmoqda. Biroq taraqqiyot kushandasi boʻlgan bu illatga qarshi kurashda hushyorlikni bir zumga ham yoʻqotmaslik zarur.

    Xususan, Toshkent viloyatida Soliq boshqarmasi katta inspektori Angren shahridagi fermer xoʻjaligidan 5 ming dollar pora talab qilgan. U tekshiruvni ijobiy hal qilib berish va 1-yil davomida soliq organlari tomonidan tekshiruv oʻtkazmaslikni vaʼda qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda inspektor pora olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shuningdeki, Navoiy viloyatida bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi murabbiydan xizmat safari pulidan “ulush” talab qilgan.

    Jami 40,7 mln soʻmlik xizmat safari pulidan 40 foizini, yaʼni 16 mln soʻm atrofidagi qismini talab qilishgan.

    Bosh hisobchi murabbiyning karta hisobiga 10 mln soʻm oʻtkazib, shundan 3 mln soʻmni pora sifatida olgan vaqtda ushlangan.

    Hozirda har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.