Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi

    Moliya 29 Aprel 2022 907

    Senatning 29-aprelda boʻlib oʻtgan yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, Qonun bilan soliq qonunchiligiga bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Xususan, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga qilingan xayriya mablagʻlari soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar qatoriga kiritiladi.

    Qonunga koʻra, 2022-yil 1-yanvaridan 2031-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, ijtimoiy soliqni va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 1 foiz miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlashi belgilanyapti.

    Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlashi koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, boʻyalgan matoni, boʻyalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlari (shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali eksport qilgan tadbirkorlik subyektlari) 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlashi belgilanyapti.

    Taʼkidlash lozimki, ushbu imtiyoz boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qilishdan olingan tushumi barcha tovarlarni va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining kamida 80 foizini tashkil etadigan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.

    Qonun bilan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida 2021-yil 1-maydan 2022-yil 31-dekabrga qadar respublikamiz hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish, oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi koʻzda tutiladi.

    Shu bilan birga, 2021-yil 10-oktyabrdan 2022-yil 30-aprelga qadar boʻlgan davrda tovuq goʻshtini, muzlatilgan baliqni va tirik parrandani, 2021-yil 10-oktyabrdan 2022-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda esa goʻshtni (mol goʻshtini, qoʻy goʻshtini), tirik hayvonlarni (molni va qoʻyni) hamda ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni mamlakatimiz hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilanyapti.

    Senat aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.