Soliq maʼmuriyatchiligi yanada takomillashtiriladi

    Hujjatlar 27 Iyun 2025 1038

    Qonun (OʻRQ–1071-son, 26.06.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

    Qonun hujjatlariga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni shaxsning roziligini ifodalaydigan va uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga tenglashtirildi.

    Shuningdek, qishloq xoʻjaligida, shu jumladan baliqchilik xoʻjaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimi va ushbu sohadagi vakolatli organlarning maʼlumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.

    Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq toʻlovchining boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlari hisobidan hisobga olish tartibi yanada soddalashtirildi.

    Unga koʻra, boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar uchun hisobga olish soliq toʻlovchining yozma yoki elektron arizasiga koʻra soliq organlari tomonidan 3 kun ichida amalga oshirilishi belgilandi.