Soliq maslahati sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 1 Oktabr 2020 5588

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida soliq siyosati va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda soliq toʻlovchilarning soliq organlari bilan oʻzaro munosabatlarida shaffoflikni taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Shu bilan birga soliq maslahati davlatning yangi soliq siyosatini samarali amalga oshirishning professional instituti va soliqlarni hisoblash va toʻlash masalalarida soliq toʻlovchilarning ishonchli yordamchisi sifatida yetarlicha shakllanmagan.

    Davlat tomonidan tartibga solish, soliq maslahatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ular kasbining huquqiy maqomi va nufuzini mustahkamlash, soliq toʻlovchilar huquqlariga rioya qilinishini taʼminlash maqsadida:

    1. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan soliq maslahatchilari tashkilotlariga:

    davlat soliq va bojxona xizmati organlari bilan munosabatlarda soliq toʻlovchining manfaatlarini ifodalash;

    soliq hisobotini soliq toʻlovchi nomidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etish;

    davlat soliq xizmati organlarining talabnomalarida koʻrsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida xulosalarni soliq toʻlovchi nomidan davlat soliq xizmati organiga taqdim etish boʻyicha qoʻshimcha huquqlar berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    2. Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasining (keyingi oʻrinlarda – Palata) 2021-yil 1-yanvardan Moliya vazirligining quyidagi funksiyalarini Palataga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

    soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazish;

    soliq maslahatchisining malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish;

    soliq maslahatchilarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;

    soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.

    3. Moliya vazirligi:

    a) Palataga quyidagi masalalarda koʻmaklashsin:

    soliq maslahatchilarini tayyorlash kurslarini, shu jumladan, masofadan oʻqitish shaklida tashkil etish;

    soliq maslahatchilarining malaka imtihonlarini tayyorlash va oʻtkazish;

    b) oʻzining rasmiy saytida soliq maslahatchilari reyestrini joylashtirish va muntazam ravishda yangilab borishni taʼminlasin.

    4. Belgilansinki, soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek, buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida mehnat faoliyatini olib borgan taqdirda, soliq maslahati boʻyicha faoliyatda uch yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    5. Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Palataning quyidagi takliflari maʼqullansin:

    Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Soliq toʻlovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar boʻyicha xulosa berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkilotlari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat) yuritish;

    “tavakkalchilikni tahlil qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida aniqlanadigan, yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan soliq toʻlovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy tugatilganda Roʻyxatga kiritilgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar boʻyicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinishi.

    6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvardan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida “soliqlar va soliqqa tortish” hamda “buxgalteriya hisobi va audit” yoʻnalishlari boʻyicha 4-kurs bakalavriatining oʻquv dasturlariga “soliq maslahati” fani kiritilishini taʼminlasin.

    7. Palata Moliya vazirligi bilan birgalikda:

    a) bir oy muddatda soliq maslahatchilarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish oʻquv dasturini tasdiqlasin. Bunda davlat soliq xizmati organlarida ish stajiga va (yoki) auditor sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlar uchun oʻquv dasturini optimallashtirish nazarda tutilsin;

    b) ikki oy muddatda:

    oʻquv jarayoniga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqsin va soliq maslahatiga oʻqishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan ularga rioya qilinishi ustidan monitoring olib borsin;

    masofadan oʻqitish shaklidagi soliq maslahatchilarini tayyorlash kurslari tashkil etilishini taʼminlasin.

    8. Soliq maslahatchilariga sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarida soliq solish, soliq organlarining hujjatlari, mansabdor shaxslarning harakatlari va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda hisoblash texnikasi va aloqa vositalari, audio va video yozish qurilmalaridan foydalanish huquqi berilsin.

    9. Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:

    a) ikki oy muddatda:

    Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini;

    qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni;

    b) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Roʻyxatni yuritish va soliq toʻlovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlarga doir xulosalarni berish tartibini:

    oʻz faoliyatini bir yildan ortiq muddat davomida amalga oshirayotgan va shtatida kamida bir yillik soliq maslahatchisi stajiga ega soliq maslahatchilari boʻlgan soliq maslahatchilari tashkilotlarini Roʻyxatga kiritish;

    soliqlarga doir berilgan xulosa doirasida ixtiyoriy tugatilayotgan soliq toʻlovchining soliq majburiyatlari soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan yashirilganligi yoki qasddan buzib koʻrsatilganligi holatlari soliq organlari tomonidan aniqlanganda ularni Roʻyxatdan chiqarish;

    Roʻyxatni Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy saytida joylashtirish va muntazam ravishda yangilab borish;

    v) 2021-yilning 1-apreliga qadar soliq maslahati sohasida oʻzini oʻzi boshqarishning asosiy qoidalarini belgilovchi hamda samarali faoliyat koʻrsatadigan soliq maslahatchilari institutini shakllantirishga imkon beruvchi yangi tahrirdagi “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini.

    10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 30-sentyabr