Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilar uchun sunʼiy intellekt yordamchini ishga tushirdi

    Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilarga 24/7 rejimida maʼlumot berishga moʻljallangan, DavrOn deb nomlangan virtual yordamchini ishga tushirdi.

    Bu haqda Soliq qoʻmitasi Axborot xizmati xabar berdi.

    DavrOn deb nomlangan virtual yordamchi ai.soliq.uz manzilida joylashgan.

    DavrOn – samimiy va professional maslahatchi sifatida soliq va soliqqa tortish masalalarida maʼlumotlar hamda personal maslahatlar bera oladi. Virtual yordamchi oʻzbek, rus va ingliz tillarida samimiy muloqot qila oladi.

    Mazkur yordamchi 3 oy davomida yaratildi, uni takomillashtirish jarayoni uzluksiz davom ettiriladi. Shu maqsadda Soliq kodeksi, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, meʼyoriy hujjatlar va yoʻriqnomalar, shuningdek, soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblarni oʻz ichiga olgan 11 mln belgidan iborat bilimlar bazasi yaratildi.

    Soliq qoʻmitasi barcha soliq toʻlovchilarni ai.soliq.uz saytidagi virtual yordamchi xizmatidan foydalanishni tavsiya qiladi.

    Virtual yordamchi Soliq qoʻmitasining sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan uchinchi xizmatidir.

    — 2022-yilda soliq toʻlovchilarni masofadan identifikatsiya qilish boʻyicha Face ID xizmati joriy etilgan. Bugungi kunda xizmat auditoriyasi 6 mln nafardan ortiq mobil ilova foydalanuvchilarini qamrab olgan. Face ID tizimi mukammal ishlashi uchun identifikatsiyadan oʻtish fotosurat yordamida emas, balki haqiqatda mavjud inson tomonidan amalga oshirilayotganini aniqlash uchun maxsus model yaratildi.

    — Soliq maʼmurchiligiga xizmat qiladigan yana bir sunʼiy intellekt — bu yuk avtotransport vositalari monitoringi tizimi. Kompyuterning koʻrish modeli yuk mashinalarini boshqa texnikalardan ajratish uchun maxsus kameradan olingan tasvirlardan foydalanadi. Keyinchalik, tizim avtotransport vositasi yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotganini aniqlaydi va olingan maʼlumotlarni tahlil uchun yuboradi. Mazkur texnologiya Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi karyerlarda noruda foydali qazilmalarni qazib olishni kuzatish va hisobga olishda qoʻllanilmoqda.

    Soliq qoʻmitasi soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish, shuningdek, soliq toʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirib borishni koʻzlagan.