Soliq toʻlovchilarga qanday imkoniyatlar beriladi

    Mamlakatimizda 18 Iyul 2021 607

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

    Ushbu hujjat qoʻmita aʼzolari tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

    Taʼkidlanganidek, qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda hosil boʻladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning oʻlchov plastinalari va granulalari, kimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi nazarda tutilgan.

    Loyiha bilan uch yildan ortiq faoliyat koʻrsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida toʻlab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra soliq qarzini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilyapti. Bu qulayliklar uch yildan ortiq tovarlarni import qilish bilan shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham tatbiq etilishi belgilanadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.